Kibernetika, energetika va informatika, matematik modellashtirish, Sun’iy idrokni tahlil qilish va ekspert tizimlari, ma’lumotlar noaniq berilgan holatda sust shakllangan jarayonlarda qaror qabul qilish kabi ilm-fanning sohalariga ulkan hissa qo‘shgan xamda o‘ziga xos ilmiy maktab yaratgan zabardast olim Tulkun Fayziyevich Bekmuratov 1935 yilning 18 aprelida Toshkent shahrida xizmatchi oilasida tug‘ilganlar. 1952 yilda Qarshi shahridagi 1-sonli maktabni oltin medal bilan tugatganlar. 1952-1958 yillarda Moskva energetika institutida muhandis-elektro-mexanik mutaxassisligi bo‘yicha o‘qiganlar. Institutni ham qizil diplom bilan yakunlaganlar.
Ish faoliyatlarini 1958 yilda O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Matematika institutining hisoblash markazida muhandis lavozimidan boshlanganlar. 1962-1965 yillarda mazkur institutning aspiranti bo‘lib, Ukraina Fanlar Akademiyasi Kibernetika institutiga (Kiyev shahri) dissertatsiya bo‘yicha tadqiqotlarni olib borish uchun yuborilganlar.
1967 yilda Ukraina Fanlar Akademiyasi Kibernetika institutida “Hisoblash texnikasi” mutaxassisligi bo‘yicha dissertatsiyani himoya qilib, texnika fanlari nomzodi ilmiy unvonini oldilar.
Doktorlik dissertatsiyasini 1975 yilda Ukraina Fanlar Akademiyasi Elektrodinamika institutida himoya qildilar.
1978 yilda professor ilmiy unvonini oldilar.
1965-1990 yillarda O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Kibernetika institutida ilmiy xodim, laboratoriya mudiri, direktor o‘rinbosari kabi lavodimlarda ishlaganlar.
1989 yilning dekabr oyida Tulkun Fayziyevich Bekmuratov O‘zbekiston Fanlar Akademiyasining muxbir-a’zosi, 1990 yil yanvarda esa Prezidium a’zosi va Fanlar akademiyasi mexanika, jarayonlarni boshqarish va informatika bo‘limining rais o‘rinbosari etib tayinlandilar. Bu lavozimda ishlash jarayonida O‘zbekiston FAsining axborot-hisoblash tarmog‘ini yaratish bo‘yicha qator ishlarni amalga oshirdilar.
1992 yilning iyunida Tulkun Fayziyevich Qarshi shahridagi Davlat Universitetiga rektor bo‘lib tayinlandilar va bu lavozimda 1997 yilgacha ishladilar.
Chet ellarda, shu jumladan sobiq Sovet Ittifoqida sun’iy intellekt, shuningdek, ekspert tizimlarning nazariy-amaliy muammolari bo‘yicha tadqiqotlar jadal olib borish boshlanganda, Tulkun Fayziyevich o‘z laboratoriyasining tadqiqotlarini ekspert tizimlar muammosiga yo‘naltirdilar. 1990 yildan 1995 yilgacha bo‘lgan davrda laboratoriya tomonidan gazni qayta ishlovchi korxonalarda dispetcher boshqaruvi, temir yo‘l ko‘rsatkichlarini tartibga solish, elektrokabellarni loyihalash uchun ekspert tizimlar ishlab chiqildi. 1991 yildan buyon bu tadqiqotlarni rivojlantirish bo‘yicha boshlang‘ich axborotda noaniqlik sharoitida qarorlarni qabul qilishni qo‘llab-quvvatlash tizimlari uchun matematik usullar, modellar va vositalarni yaratish amalga oshirib kelinmoqda. O‘tkazilayotgan tadqiqotlarda noravshan to‘plamlar, sun’iy neyron to‘rlar, evolyutsion modellashtirish va dasturlash usullaridan foydalanilmoqda.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, o‘qituvchilik faoliyatini Tulkun Fayziyevich Bekmuratov 1967 yildan, nomzodlik dissertatsiyasini himoya qiliboq boshlaganlar. Ular tomonidan Respublikamiz Oliy o‘quv yurtlarida EHMni loyihalashni avtomatlashtirish, hisoblash mashinalari, tizimlari va tarmoqlari, ommaviy xizmat ko‘rsatish tizimlari, matematik mantiq asoslari, ma’lumotlar bazasi va ekspert tizimlar va sun’iy idrok bo‘yicha qator ma’ruzalar o‘qilgan.
1998 yilning fevralida Tulkun Fayziyevich Bekmuratov O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Prezidiumning Bosh axborot-analitik boshqaruvi boshlig‘i etib tayinlandilar. Boshqa vazifalar bilan bir qatorda ularga MDH davlatlari fanlar akademiyasi Xalqaro Assotsiatsiyasi tadbirlari bo‘yicha ishlarni olib borish topshirildi.
1999 yil may oyida Tulkun Fayziyevich Bekmuratov O‘zbekiston FA sining Bosh ilmiy kotibi etib tayinlandilar va bu lavozimda 2000 yilning sentyabrigacha ishladilar. Tulkun Fayziyevich Bekmuratov 2000 yil O‘zbekiston FA sining akademigi bo‘ldilar.
Tulkun Fayziyevich chet el olimlari bilan ham xamkorliklar o‘rnatdilar. Ulardan : Ye.K. Krug, B.Ya. Kogan, Boshqaruv muammolari instituti, Moskva; V.B. Smolov, Ye.A. Chernyavskiy, Elektrotexnika instituti, Sankt-Peterburg; G.M. Petrov, SChETMASh ilmiy tekshirish instituti, Moskva, Popkov Novosibirsk, Verlan Ukraina va boshqalar.
2012 yildan Toshkent Axborot Texnologiyalari Universiteti huzuridagi Dasturiy mahsulotlar va apparat-dasturiy majmualar yaratish markazi bosh ilmiy xodimi lavozimida ishlab kelmoqdalar.
Tulkun Fayziyevich Bekmuratov 10 dan ortiq monografiya, 2 ta o‘quv qo‘llanma, 360 dan ortiq ilmiy maqolalar muallifi. 25 ta ixtiro va 2 ta patent egasi.
Hisoblash texnikasi, modellashtirish va boshqaruv sohasida 8 nafar fan doktori va 45 nafar fan nomzodlarini tayyorladilar.
Vatan oldidagi ulkan mexnatlari uchun Hukumat mukofotlari: «Shavkatli mehnati uchun» medali (1970), «Xalqlar do‘stligi» ordeni (1983), «Mehnat veterani» medali (1986), va (1992) «Mustaqillik» esdalik nishoni bilan taqdirlandilar.