Tug'ilgan sana: | 21-02-1927 |
Tug'ilgan joyi: | Toshkent |
Ta'lim: | Toshkent Davlat texnika universiteti |
Yo'nalish: | Axborot texnologiyalari |
Mutaxasisligi: | Axborot ishlash tizimlari |
Mukofatlar: |
Jo‘ra Abdullayevich Abdullayev 1927 yil 21 fevralda Toshkent shahrining Chorsu dahasi “Maslak” mahallasida ishchi oilasida tug‘ildi. Otalari Mirza Abdulla Pochayev (1883-1972 yy) (Alloh raxmatiga olsin) ishchi-xizmatchi bo‘lganlar, onalari Maryamxon Umarova (1896-1940) (Alloh raxmatiga olsin) uy bekasi bo‘lganlar.
1934-1944 yillar mobaynida Xo‘ja Axror Valiy Juma masjidida joylashgan 41-maktabda ta’lim oldi. Mehnat faoliyatini 1944 yil iyun oyida Toshkent passajir parovozlari deposida parovoz o‘tyoqari (kochegari) sifatida boshlagan. Zarur amaliy imtihonlarni topshirgach, 1944 yil sentyabridan to 1946 yil martigacha parovoz mashinist yordamchisi bo‘lib ishlagan. Olti oylik parovoz mashinistlari kursini va ikki oylik maxsus kursini bitirgach, 1948 yil sentyabrigacha dizel-poyezdda birinchi kategoriyalik mashinist yordamchisi bo‘lib ishlagan.
1948 yildan O‘rta Osiyo politexnika instituta (hozirgi Toshkent Davlat texnika universiteti) Energetika fakultetida tahsil oldi va 1953 yil noyabrida uni «Rele muhofazasi va tizim avtomatikasi» mutaxassisligi bo‘yicha imtiyozli diplom bilan bitirdi, muhandis-elektrik mutaxassisligiga sazovor bo‘ldi va aspiranturaga tavsiya etildi.
1954 yilda J.A. Abdullayev O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Energetika va avtomatika instituti aspiranturasiga qabul qilindi va Moskvaga fanlar akademiyasining Avtomatika va telemexanika institutiga maqsadli aspirant sifatida yuborildi. Ushbu ilmiy markazning "Teleboshqa¬rish" laboratoriyasida mashhur olim, professor M.A. Gavripov ilmiy rahbarligida "Tarqoq ijro punktli tizimlarni telemexanizatsiyalash printsiplari" mavzusida nomzoddik dissertatsiyasini bajardi va 1958 yilda yoqladi. Ushbu laboratoriyada 50-yillarda telemexanika uskunalari va tizimlari¬da kontaktli relelar o‘rniga kontaktsiz ferrit-diod va ferrit-tranzistorlik rele elementlarini yaratish va tatbiq etish sohasida ilk tadqiqotlar olib borilar edi. Avtomatika va aloqa tizimlarida bunday yuqori ishonchlilik va yuqori ishlash tezligiga ega bo‘lgan elementlarni yaratish va ishlata bilish zamon talabi edi. Shuning uchun Energetika va avtomatika instituti rahbariyati kelishuvi asosida 1959 yil bahorida texnika fanlar nomzodi J.A. Abdullayev rahbarligida 3 yosh muhandis yarim yillik xizmat safariga yuboriladi. Teleboshqarish laboratoriyasida ular sug‘orish sistemalarini yangi bunyod etilgan ob'yekti - Tuyabo‘g‘iz suv omborini teleboshqarish va teleo‘lchash uchun 3 ta ijro punktiga ega kontaktsiz telemexanika tizimini yaratdilar, Toshkentga keltirib sozladilar va ishga tushirdilar.
Yosh olim J.A. Abdullayev atrofida iqtidorli muhandislardan iborat katta guruhlar tashkil etildi. Sermahsul ijodiy ishlar natijasida Samarqand viloyatidagi Ingichka konidagi volfram rudalarini maydalash sexi uchun va yer osti shaxtalarini shamollatish tizimlarini boshqarish uchun kontaktsiz elementlar bazasida ikkita telemexanika tizimi yaratildi va ishga tushirildi. Bajarilgan ijodiy ishlar natijalari loyihalash tashkilotlariga Ittifoq miqyosida tatbiq etish uchun topshirildi.
Energetika va avtomatika institutida 1960 yilda «Telemexanika va informatsion texnika» laboratoriyasi tashkil etildi. Uning rahbari lavozimiga J.A. Abdullayev tasdiqlandi. Quyida shu laboratoriyada il-miy tadqiqotlarning yo‘nalishlari, bajarilgan nazariy va amaliy izlanishlarni fan va texnikani rivojlantirishdagi hissasi haqida qisqacha ma’lumot beriladi.
Diskret printsipda ishlaydigan uskunalar va tizimlar hozirgacha asosan ikki turg‘un holatga ega bo‘lgan kontaktli va kontaktsiz elementlar bazasida quriladi. Texnika va texnologiyalarning taraqqiyoti yangi printsipda ishlaydigan elementlarni yaratish zarurligini talab etar edi. Shuning uchun XX asrning 50-60-yillarida Moskva, Novosibirsk va Lvov shaharlarida olimlar ko‘p turg‘un holatga ega bo‘lgan kontaktsiz rele elementlarini yaratib, texnikada tatbiq eta boshladilar. Ammo bunday elementlar va tizimlarning ishonchli ishlashini baholash, hisoblash va ta’minlash masalalari ochiq qolgan edi. Egallagan nazariy bilimlarini va orttirgan tajribasini bu masalani yechish maqsadida J.A. Abdulla¬ev iqtidorli yoshlardan iborat yangi guruh tuzdi va ko‘p turg‘un holatli raqamli qurilmalarning ishonchlilik nazariyasi ustidagi tadqiqotlarni amalga oshirdi. Diskret elementlar va qurilmalar ishonchlilik nazariyasi va uning asosida turli tipdagi ko‘p turg‘un holatli elementlar sintez qilindi va amaliyotga tatbiq etildi.
Ko‘p turg‘un holatli diskret elementlar va tizimlarning ishonchliligi sohasidagi nazariy va amaliy tadqiqotlar A.M. Smolyak bilan birgalikda yozilgan «Ko‘p turg‘un holatli raqamli qurilmalar ishonchliligi» (Nadejnost sifrovix ustroystv na mnogopozitsionnix elementax.
M.: Nauka, 1975) va «Avtomatikaning ko‘p belgili tizimlarini joriy etish» (Realizatsiya mnogoznachnix struktur avtomatiki. Kiyev: Naukova dumka, 1976) nomli monografiyalarda o‘z ifodasini topdi.
Diskret signallarni ma’lum qoidalar asosida kodlashtirishda Bul algebrasi usullaridan keng foydalaniladi. J.A. Abdullayev iqti-dorli yosh olimlardan mahsus guruh tashkil etib, Bul funktsiyalarining simmetriyaga egalik xususiyatlarini tadqiqot qildi. Berilgan Bul funktsiyasini simmetrik xususiyatini aniqlash algoritmlari va ularni qo‘llash usullari yaratildi. Shu asosda raqamli texnika tizimlarida keng qo‘llaniladigan Rid-Maller kodlaridagi xatoliklarni mavjudligini aniqlash va to‘g‘rilash usullari yaratildi.
Bajarilgan tadqiqotlarning natijalari «Bul funktsiyalari va ba’zi o‘zini tuzatuvchi kodlardagi simmetriya» (Simmetriya v bulevix funktsi¬yax i v nekotorix klassax korrektiruyushix kodov. Tashkent: Fan, 1987) nom¬li monografiyada D.Yu. Yunusov bilan birgalikda e’lon qilindi.
XX asrning 50-yillarida uzoq masofadan turib ob'yektlar holatini va jarayonlar miqdorini o‘lchash va holatini nazorat qilish va ularni boshqarish tizimlari hayotda keng qo‘llanila boshladi. Teleboshqarish nazariyasi va amaliyoti sohasida tajribalarni tahlil qilib, J.A. Abdullayev jarayon parametrlarini masofadan o‘lchab, ularni yig‘ib ishlov berish natijasida jarayon holatini o‘zgartirish buyruqlarini ishlab chiqib, amalga oshirishda o‘lchangan miqdorlar aniqligi pastlashishi va buyruqni bajarish vaqtida ma’lum kechikish paydo bo‘lishiga e’tibor qaratdi. Masofadan miqdorlarni o‘lchash va ular asosida jarayonlarni real vaqt rejimida boshqarish tizimlarida bu masala muhim vazifa ekanligi aniqlandi. Qozonilgan nazariy va amaliy tajribalaridan foydalanib, J.A. Abdullayev mukammal teleo‘lchash tizimlarida o‘lchov aniqligini oshirish sohasida keng miqyosda tadqiqotlarni boshladi. Oltmishinchi yillarning o‘rtalarida O‘zbekiston energetika sistemasini avtomatlashtirilgan boshqarish tizimini yaratish uchun texnik-ekonomik topshiriq tayyorlandi. Uning «Axborot ta’minoti» bobini J.A. Abdullayev asoslab yozdi. Texnik topshiriq tasdiqdandi va 70-yillarning boshlanishida jadal sur’atlar bilan amalga oshirildi. Ana shu loyihada qatnashish yosh olimning katta hajmdagi muammolarni bajarishdagi ilk yutug‘i edi.
Energetika tizimlari va boshqa katta murakkab tizimlarni avtoma-tik boshqarishda o‘lchov axborotining rolini chuqur anglagan J.A. Abdul¬layev, boshqarishda aloqa tizimlarini bir me’yorda ishlashida o‘lchov axborotini yuqori aniqlikdaligini ta’minlash, real vaqt rejimida axborot kechikishini minimizatsiya qilish nazariyasi va usullarini yaratdi. Nazariya «O‘lchovli axborotlarni real vaqt tizimlarida ishlovlash» nomi bi¬lan ataldi. Ijod etilgan usullar maxsus maqsadlarda amaliyotga joriy etildi. Yaratilgan nazariya Veyershtrassning funktsiyalar approksimatsiyasi haqidagi birinchi teoremasining texnikaviy masalalarini hal etishda qo‘llashdagi ilk isboti ekanligi asoslandi.
Bajarilgan tadqiqotlarning natijalari umumlashtirildi va «Avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlarida o‘lchov axborotlariga operativ ishlov berish» (Operativnaya obrabotka izmeritelnoy informatsii v avtomatizirovannix sistemax upravleniya. Tashkent: Fan, 1986) monografiyasi e’lon qilidi.
Bu monografiyada haqiqiy masshtabga ega bo‘lgan va real vaqt jarayonida o‘lchangan axborotlar miqdorini oldindan bashorat etish uchun ularga ishlov berishning yangi kontseptsiyalari olg‘a surilgan va nazariy asoslangan. O‘lchov signallarini uzatishda kech qolishni kamaytirish va kichik xatolikni ta’minlash uchun ishlov berishning dolzarb, murak¬kab texnik masalalari yechilgan. Bu sohadagi ilmiy va amaliy tadqiqotlarni umumlashtirish natijasida J.A. Abdullayev 1973 yilda «Axborot nazariyasi va tex¬nik kibernetika» yunalishida texnika fanlari doktori ilmiy darajasiga o‘zining «O‘lchov axborotlariga bashorat bilan ishlov berish nazariyasi va uni texnikaviy masalalarni yechishda qo‘llash» (Teoriya operativnoy obrabotki izmeritelnoy informatsii s predskazaniyem i yee primeneniye v reshenii texnicheskix zadach) mavzusida dissertatsiyasini yoqladi.
J.A. Abdullayevning O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Energe-tika va avtomatika institutida 20 yil davom etgan faoliyati natijasida telemexanika laboratoriyasida diskret signallardan foydalanish asosida masofadan o‘lchash va boshqarish, real vaqt rejimida o‘lchov axborotlarga ishlov berish, ularni uzatish va tatbiq etish, ishonchliligini ta’minlash nazariyalari rivojlandi. Turli xil funktsiyalarni bajarish uchun qurilmalar va tizimlar yaratildi va tatbiq etildi. Uning ilmiy rahbarligida 10 nafar va uning bevosita ilmiy yordamida 6 nafar yosh tadqiqotchilar nomzodlik dissertatsiyalarini yoqladilar. Shu davr mobaynida mashhur olim, professor F.P. Raximov (Alloh raxmatiga olsin) taklifi bilan J.A. Abdullayev Toshkent politexnika institutining Energetika fakultetida «Raqamli o‘lchov tizimlari asoslari» fanidan maxsus ta’lim kursini tayyorladi va talabalarni o‘qitdi.
1976 yilning 25 iyunida J.A. Abdullayev Toshkent elektrotexnika aloqa institutining rektori lavozimiga tayinlandi. Uning serqirrali tashkilotchilik, pedagogik va rahbarlik talanti yangi mas’uliyatli vazifani bajarish sharoitida o‘z amaliyotini topdi. Ilmiy tadqiqotlarni qayta tashkil etish va amalga oshirishga erishdi, nazariy, ilmiy-uslubiy va jamoatchilik tadqiqotlar taraqqiy etdi. Xususan, professor J.A. Abdullayev «Diskret axborotni uzatish asoslari» va «Yuqori aniqlik aloqa tizimlari» maxsus kurslarini qayta tashkil etib, talabalarga ta’lim berdi.
Sanoat va aloqa tizimlarining rivojida diskret texnikaning kelajak ahamiyatini ko‘ra bilgan professor J.A. Abdullayev institutda «Raqamli texnika va elektr aloqani boshqarish» kafedrasini tashkil etdi va boshqardi. Raqamli texnika va mikroprotsessorlardan talabalarga ta’¬lim berish, ularni kelajak raqamli telekommunikatsiya tizimlarining ishlash, ekspluatatsiya qilish printsiplariga o‘rgatishga va axborot texnologiyalariga oid fanlardan ta’lim berishga asos solindi. Bu sohada 1978 yilda professor F.B. Abutaliyev (Alloh raxmatiga olsin) rahbarligida tashkil etilgan "Hisoblash matematikasi" fanining xizmatlari muhim rol o‘ynadi.
Kelajak aloqa tizimlari uchun yuqori malakali muhandislarni tayyorlashni mukammallashtirish maqsadida institutda o‘quv-metodik tadqiqotlar kuchaytirildi. Ularni amalga oshirish maqsadida maxsus xonalarda displey klasslari tashkil etildi, YeS-1022 va YeS-1032 kabi yuqori tezlikli elektron hisoblash mashinalari ishga tushirildi va institutning hisoblash markazi tashkil etildi. Shaxsiy kompyuterlar texnikasi rivojlanib ommalashishi arafasida bir necha kafedralar kompyuter klass¬lari bilan jihozlandi. Respublikamizda birinchi marta institutda mahalliy hisoblash tarmog‘i tashkil etildi.
Hisoblash markazini tashkil etilishi, laboratoriyalarni shaxsiy kompyuterlar bilan jihozlanishi institutda ilmiy tadqiqotlarni yangi pog‘onaga ko‘tarishga imkoniyat yaratdi. Barcha fakultetlarning kafedralarida aloqa qurilmalari, uskunalari va tizimlarini matematik modellash, ishonchliligini va muvozanatda ishlashini hisoblash va oshirish sohalarida tadqiqotlar maydoni kengaydi.
Institutdagi mavjud raqamli jihozlar va tizimlardan ilmiy ishlarda va ta’lim berishda samarali foydalanish uchun yetarlik o‘quv-uslubiy materiallar yaratildi.
Institutda J.A. Abdullayevning bevosita qatnashuvi bilan hamkasblari va shogirdlari hamkorligida bajarilgan ilmiy va uslubiy tadqiqotlarning natijalari bir necha monografiya va o‘quv qo‘llanmalari sifatida nashr etildi.
Aloqa kanallarida ma’lumotlarni uzatish va aloqa tizimlarining ishonchliligini oshirish nazariyasiga asos solgan va uni tadqiq etish uslubini yaratgan, aloqa sohasida taniqli olim M.N. Aripov (Alloh raxmatiga olsin) bilan hamkorlikda «Diskret axborotlarni uzatish tizimlarini ishlatish asoslari» (Osnovi ekspluatatsii sistem peredachi diskretnix soobsheniy, Tashkent, Izdatelstvo «Fan», 1984) monografiyasi chop etildi. Unda tizimlarni qayta tiklash, ta’mirlashga moslashning tajribaviy uslublari hamda ishlash jarayonida olingan ma’lumotlar asosida ularning ishonchli ishlashini hisoblash usullari keltirilgan.
Yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga va o‘qitish metodologiyasiga alohida ahamiyat bergan J.A. Abdullayev o‘quv dasturlarini qayta ko‘rib chiqishda, elektr-aloqachi muxandislarning malakasi va amaliy maxoratini oshirishda faol qatnashdi. Uning M.N. Aripov bilan birgalikda yozilgan «Diskret axborotlarni uzatish masala va misollar ifodasida» (Peredacha diskretnix soobsheniy v zadachax i uprajneniyax, Moskva, Iz¬datelstvo «Radio i svyaz», 1985) darsligi Aloqa vazirligining Oliy o‘quv yurtlari va mutaxassislari Bosh boshqarmasi tomonidan aloqa oliy o‘quv yurtlariga o‘quv qo‘llanmasi sifatida tavsiya etildi. Unda diskret xabarlarni uzatish tizimlarining texnikaviy vositalari xarakteristikalarini hisoblash va ularni modellashtirish usullari keltirilgan hamda o‘lchash va nazorat qilish tizimlari yoritilgan.
Rakamli ma’lumotlarni uzatishda tonal chastotali kanallar sifatini nazorat qilish muammosi aloqa tizimlari ustuvorligini oshirishga qaratilgan. I.Ya. Levental bilan hamkorlikdagi izlanishlar natijalari «Axborotlarni uzatish tizimlarida kanalning chastota xarakteristikasini o‘lchash va uni nazorat qilish» (Kontrol i izmereniye chastotnix xarakteristik kanalov sistem peredachi soobsheniy, Tashkent, Izdatelstvo «Fan», 1989) monografiyasida o‘z aksini topdi. Unda aloqaning raqamli tizimlariga qo‘yilgan alohida talablarni hisobga olgan o‘lchash nazariyasi rivojlantirilgan va nazorat qurilmalari va usullari taklif qilingan.
J.A. Abdullayevning rahbarligi va bevosita ishtirokida kosmik tadqiqotlar dasturini ayrim sohalarda ilmiy va tatbiqiy natijalar bilan ta’minlashga erishildi. Televizion axborotlarga ishlov berish-ning nazariy masalalari hamda kosmik apparatlarning o‘zaro harakati parametrlarini yerdagi televizion ekrandagi tasviri orqali aniqlash nazariy asoslari va qurilmalari ishlab chiqildi. Olingan parametrlarning haqiqiy qiymati kosmik apparatlarning harakatini o‘zgartirishga vosita rolini o‘ynashi asoslandi.
Kosmik apparatlarni fazodagi o‘zaro harakati parametrlarini vi-deo axborot yordamida yerdagi boshqarish punktida o‘lchash va nazorat qilishning maxsus nazariy masalalari hal etildi. Raqamli qurilmalar ijod etildi va ularning tajribaviy va ishchi variantlari yasaldi, sozlandi va 1986 yilda Kosmik uchishlarni boshqarish Markazida maxsus rejimda uchayotgan kosmik apparatlarning o‘zaro birikishini ta’minlashda ishlatildi. Qo‘lga kiritilgan ilmiy va amaliy natijalar xalq xo‘jaligi talablariga binoan davom ettirildi. «Kosmik apparatlarning yaqinlashuv jarayonini televizion nazorati asoslari» (Osnovi televizionnogo kon¬trolya protsessa sblijeniya kosmicheskix apparatov, Tashkent, Izdatelstvo «Fan», 1987) nomli Yu. Sagdullayev bilan hamkorlikda yozilgan monografiyada bajarilgan izlanishlarning salmoqli qismi umumlashtirilib, ishlab chiqilgan qurilmalarning sxemali yechimi va ularni ishlash va qo‘llash printsiplari keltirilgan.
Rektor J.A. Abdullayev va kafedra mudiri I.R. Berganov yordami bilan R.I. Isayevning rahbarligida 1977 yilda «Raqamli tolali optik aloqa» ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi ochildi va ish boshladi.
O‘zbekiston Respublikasi Aloqa vaziri K.R. Rahimov, Toshkent shahar telefon tarmog‘i korxonasi Bosh injeneri V.N. Kravchenko, D.A. Abdullayev, I.R. Berganovlar yordami bilan R.I. Isayev rahbarligida 1985 yilda Markaziy Osiyoda birinchi bor 235-241 ATS lar orasida 4 tolali optik kabel yotqizildi va 30 kanallik raqamli apparatura ishga tushirildi.
Shu davrda O‘zbekistan Respublikasi fanlar akademiyasi Prezidenti Po‘lat Qirg‘izboyevich Xabibullayev (Alloh raxmatiga olsin) 235 ATS binosida joylashgan, tolali optik aloqa apparaturasi bilan, optik tolalarni payvandlab ulovchi qurilma, optik signallarni parametrlarini o‘lchov vositalari bilan tanishdilar va bu ishlarni rivojlantirishda omad tiladilar.
1989 yilda Zangi ota rayoni markazi va Navoiy ko‘chasi, 28 uyda joylashgan Shaharlararo telefon stantsiyasi oralig‘ida 16 km tolali optik aloqa kabeli yotqizilib, 120 kanallik raqamli aloqa apparaturasi ishga tushirildi. Bu loyihalar asosida ilmiy tadqiqotlar olib borildi va mutaxassislar tayyorlandi. Shu yili institutda «Raqamli tolali optik aloqa» o‘quv laboratoriyasi tashkil etildi va ishga tushirildi. Ushbu laboratoriyani jihozlashda Jo‘ra Abdullayevich yordami bilan 30 kanallik raqamli apparatura va bir qancha o‘lchov asboblari Moskva shahridan olib kelindi. Shu yili qattiq jismli lazerlarni ixtiro qilgan, Nobel mukofoti sovrindori, akademik A.M. Proxorov va uning shogirdi akademik Ye.M. Dianovlar laboratoriyaga keldilar va tanishib, yuqori baho berdilar va omad tiladilar.
O‘tgan asrning 80-yillarida aloqa tizimlarida raqamli texnika va texnologiyalarning keng qo‘llanishi sababli yangi nazariya va texnika asoslari bilan qurollangan mutaxassislarni tayyorlash kelajak uchun zarur muammoga aylandi. Uni o‘z vaqtida hal qilish uchun institutda uslubiy pedagogika sohasida tadqiqotlar rivojlandi. O‘quv jarayonining tashkil etishda blok uslubini, talabalarning bilimini nazorat qilishda reyting usuli institutda o‘qitiladigan fanlarga moslashtirilib, taraqqiy ettirildi va amalda joriy qilindi. Olingan natijalar keyinchalik abituri¬ent va talabalarni bilimlarini ob'yektiv baholashda qo‘llanilgan test usulini keng qo‘llashda birinchi qadam deb hisoblanishi mumkin.
Yosh mutaxassislarni mukammal, har taraflama bilim va odobga ega inson sifatida tarbiyalashni tashkil etishga J.A. Abdullayev alohida e’tibor qaratdi. Yotoqxonalarda va guruhlarda zamonaviy va tarixiy mavzularda talabalar bilan suhbatlar tashkil etildi. Viloyatlardan kelgan talabalarni yaxshi o‘qishi va intizomi uchun takdirlash tadbirlari qo‘llandi. Viloyat aloqa boshqarmalari xodimlari bilan uchrashuvlarda talabalarga mukofotlar va turli sovg‘alarni topshirish, ota-onalar bilan uchrashuvlar tashkil qilindi. Bu tadbirlar talabalarni o‘z uyi, tumani va viloyatiga mehrini, ona Vatanga sodiq farzand bo‘lib yetishish xususiyatini oshirishga xizmat qildi.
1992 yilda J.A. Abdullayev O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri lavozimiga tayinlandi. O‘zbekiston Respublikasi rahbariyati topshirig‘i bilan u O‘zbekistonda oliy ta’limni qayta tuzish va uni dunyo standartlariga moslashtirishning keng ko‘lamdagi tadbirlarini bajarishga rahbarlik qildi.
1992 yilda abituriyentlarning oliy o‘quv yurtiga kirishini test sinovlari orqali o‘tkazish metodologiyasi ishlab chiqildi va tajribada qo‘llanildi. Test uslubi o‘z navbatida o‘rta va oliy o‘quv yurtiga kirish sinovlari imtihonlarni topshirish asosi bo‘lib qoldi.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi lavozimiga J.A. Abdullayev 1994 yilda tayinlandi. Bu vazifada o‘z bilimi va ijodiy kuchini ilmiy muassasalar va Prezidiumda samarali ish vaziyatini tashkil qilishga va institutlar bilan ishlab chiqarish tashkilotlari o‘rtasida ijodiy aloqani o‘rnatishga qaratdi. Bu davrda FAning yangi Nizomi, O‘zR FAga haqiqiy va muxbir a’zolikka saylov o‘tqazishning tartib va qoidalari hamda uslubiy normativ hujjatlari ishlab chiqildi.
J.A. Abdullayev 1997 yil may oyida O‘zbekiston Respublikasi Aloqa vazirligi qoshidagi Ilmiy-tadqiqot markaziga ilmiy maslahatchi lavozimiga tayinlandi.
Eslatish lozimki, sobiq Ittifoq davrida O‘zbekistonda aloqa sohasining masalalari bilan shug‘ullanadigan maxsus ilmiy tashkilot yo‘q edi. Respublika extiyojlariga tegishli ilmiy ishlar Toshkent elektrotexnika aloqa instituti va maxsus loyihalash institutida (GSPI-4) olib borilar edi.
Aloqa sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni tashabbuskori sobiq aloqa vaziri T.M. To‘xtayevning (Alloh raxmatiga olsin) talabi bilan 1980 yilda Ittifoq aloqa vazirining Moskva Markaziy aloqa tadqiqotlari institutining Toshkent shahridagi bo‘limini ochish hakidagi maxsus buyrug‘iga qo‘l qo‘yildi, ammo moliyalashtirilmaganligi sababli bu hujjat qog‘ozda qolib ketgan edi.
Vatanimiz Mustaqillikka erishgach, barcha sohalarda rivojlantirish tadbirlarini tashkil etish har bir soha rahbariyati izmiga o‘tdi. Hosil bo‘lgan sharoitdan foydalanib, sobiq vazir Komiljon Rahimovich Rahimov tashabbusi bilan shu davrda Toshkent elektrotexnika aloqa in¬stituti rektori J.A. Abdullayev o‘rtasida respublika aloqa tizimi uchun ilmiy tadqiqot ishlarini tubdan tashkil etish masalasi har taraflama muhokama qilindi. Natijada 1992 yilda O‘zbekiston Respublikasi aloqa vazirining aloqa ilmiy tadqiqot markazini tashkil etish to‘g‘risidagi buyrug‘iga qo‘l qo‘yildi.
Ushbu ilmiy-tadqiqot Markaziga 1992 yil oktyabr oyida professor R.I. Isayev rahbar lavozimiga tayinlandi.
Telekommunikatsiya sohasida so‘nggi yillargacha elektr energiyasidan foydalanish holati chuqur o‘rganilib, yetarli darajada tahlil qilinmagan edi. Bu yunalishdagi tadqiqotlarni olib borish J.A. Abdullayevga topshirildi va maxsus ishchi guruhi tuzildi. Sanoat va qishloq xo‘jaligida elektr energiyasidan samarali foydalanish uchun O‘zbekistonda olib borilgan tadqiqotlar natijalari tahlil etildi va «O‘zbekiston telekommunikatsiya tizimida elektr energiyasidan foydalanish va uni tejash ho¬latini tadqiq qilish» uslubiy qo‘llanma yaratildi.
Aloqa tizimida sanoat elektr tarmoqlaridan uzoq masofada joylashgan ob'yektlarni elektr ta’minoti jiddiy masalalardan biridir. Masalaning mohiyati shundaki, aloqa sohasining juda ko‘p ob'yektlari sahro va tog‘li zonalarda joylashgan. Mobil aloqa tarmoqlarini rivojlanishi esa bu masalaning ahamiyatini yanada oshirdi. Ma’lumki, aloqa qurilmalari va tarmoqlari uzluksiz yuqori sifatli elektroenergiya ta’minotini talab etadi. Chunki ularning elektr ta’minotini qisqa muddatga, hatto bir necha daqiqaga uzilishi juda katta moddiy, ma’naviy zararga sababchi bo‘lishi mumkin. Shuning uchun aloqa ob'yektlari elektr ta’minoti mas’uliyat jadvalida eng muhim va mas’uliyatli birinchi toifa ob'yektlar qatoridan joy olgan. Uzoq masofalarda sahro va tog‘liklarda joylashgan aloqa ob'yektlari uchun esa bu masala alohida ahamiyat kasb etadi. Bunday aloqa ob'yektlar shu vaqtgacha dizel-generatorlar va akkumulyator batareyalari vositasida elektr energiya bilan ta’minlanar edi. Ob'yektlarni yoqilg‘i bilan ta’minlab, ularni muntazam ishlashini ta’minlash katta tashkiliy, texnikaviy va moddiy qiyinchiliklarni tug‘diradi. O‘zbekiston sharoitida bu muammolarni hal etishda qaytalanuvchi energiya manbalaridan foydalanish, ya’ni yo quyosh, yo shamol, yoki boshqa qaytalanuvchi energiya turlarini elektr energiyasiga o‘zgartirish va shu amal bilan aloqa ob'yektlarini muntazam ishlashini ta’minlash masalasi haqida izlanishlar olib borildi.
Toshkent elektrotexnika aloqa institutining Bo‘stonliq tumani hududidagi ilmiy-ishlab chiqarish va dam olish zonasida professor R.I. Isa¬ev rahbarligida sobiq SSSR da birinchi quyosh-shamol energiyasidan elektrenergiya ishlab chiqaruvchi qurilma yaratildi va 1986 yilda ishga tushirildi. Qurilma shamol tezligi, quyosh nurlarining zichligi, manbalar ishlab chiqarayotgan energiya miqdori va boshqa parametrlarini o‘lchaydigan asboblar bilan jihozlandi va bu parametrlar miqdorlarini yil bo‘yi o‘zgarishi bir necha yil mobaynida professor R.I. Isayevning shogirdi t.f.n. B.M. Mahkamjonov (Alloh raxmatiga olsin) tomonidan yozib va o‘rganib borildi. Yig‘ilgan ma’lumotlarning tahlili ikki turdagi manbalar energiyasidan qo‘shma foydalanilishi O‘zbekiston sharoitida yuqori samara berishini tasdiqladi.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasida 1996 yilning sentyabr oyida tashkil etilgan O‘zbekiston-Frantsiya ilmiy seminarida FA institutlarida bu sohaga tegishli ba’zi ilmiy ishlar haqida ma’ruzalar eshitildi. Quyosh va shamol energiyasini o‘lchov va boshqaruv uskunalari umumiy majmuasi yordamida birgalikda elektr energiyasiga o‘zgartirish sohasida erishilgan natijalarni Fan-texnika va marketing tadqiqotlari Markazi (FTMTM) ilmiy guruh a’zolari nomidan J.A. Ab¬dullayev ma’ruza qildi. Ilmiy seminarda frantsuz mutaxassislari ushbu ma’ruzada keltirilgan natijalarga yuqori baho berdilar. Yuqori quvvatga ega quyosh-shamol qurilmasini birgalikda qurish, uni mahalliy sharoitda ishlash natijalarini tahlil etib, keng miqyosda qo‘llash uchun taklif tayyorlashga kelishildi. Tez orada Yevropa komissiyasi tomonidan doktor Dide Mayer proyekt tashkilotchi-koordinatori etib tayinlangani haqida Frantsiyadan xabar keldi.
Markazda umumiy 5 kilovat quvvatga ega bo‘lgan gibrid kuyosh-shamol qurilmasining hisob-kitoblari bajarildi, texnik topshiriq bo‘yicha «5 kilovattlik namunaviy gibrid quyosh-shamol qurilmasini yaratish» loyihasi Yevropa Komissiyasining INKO-KOPERNIKUS programmasi chegarasidagi tanlovga yuborildi. Proyekt tanlovda g‘olib chiqdi. Fan-texnika va marketing tadqiqotlari Markazi bilan tuzilgan kontrakt imzolandi. Ushbu kontraktda FTMTM direktori R.I. Isayev - loyiha rahbari, Frantsiyaning Sofiya Anti¬polis shahrida joylashgan Ecole De Mines instituta qoshidagi «ARMI-NES» firmasidan doktor D. Mayer tashkilotchi-koordinator, FTMTMdan J.A. Abdullayev ilmiy-koordinator etib tayinlandi. Ushbu loyihada sub-kontraktor bo‘lib Portugaliyadan «2F.F.Lda» firmasi (F. Vagner), O‘zbekistondan Energetika va avtomatika instituti (R.A. Zoxidov) va «BaxtEner» firmasi (B. Maxkamjonov), Olma-Ota universitetidan (T. Koyshiyev) lar loyiha qatnashchilari sifatida tasdiqlandilar. Umumiy narxi 42300 yevroga teng bo‘lgan 60 m2 satx va 6 kVt qudratga ega bo‘lgan fotoelektrik o‘zgartgichlar (Photo-watt kompaniyasi, Lion, Frantsiya), 3 kVtlik shamol generatori (Southwest Windpower, Dulut, SShA), 1525 amper-soat hajmli akkumulyator batareyasi va tegishli o‘lchov, boshqarish uskunalari 1998 yilning kuzida Toshkentga keltirildi. O‘zbekiston Pochta va telekommunikatsiyalar agentligi taklifi bilan Bo‘stonliq tumanida joylashgan “Chorbog‘” radiotelevizion retranslyatori hududi yonidagi maydonda qurilish-montaj ishlari boshlandi. Montaj va sozlash ishlari ijrochi tashkilotlar tomonidan yakunlangach, loyihaning barcha ishtirokchilari qatnashuvida 2000 yilning 1 avgustida Markaziy Osiyoda birinchi marta 5 kVt quvvatli Gibrid quyosh-shamol qurilmasi sinovdan o‘tkazildi, uning tajribaviy ishlatilishi boshlandi va u Tosh¬kent televideniyasining birinchi dasturi uzatish qurilmasini elektr energiya bilan ta’minladi.
Tajribaviy qurilmaning mohiyati, uning ish rejimini, mahalliy meteorologik holatni tasvirlovchi 32 parametrlarning har 10 minutda o‘lchangan miqdorlari avtomatik, qayta ishlatilib, soatlar, kunlar va oylar muddatidagi va yillik miqdorlari qurilmadagi mikroprotsessor xotirasiga yozish va xohlagan vaqtda tashqi kompyuterda ularga ishlov berish imkoniyatlariga ega edi. Bu imkoniyat R.I. Isayev va J.A. Abdullayevlar rahbarligida barcha o‘lchangan miqdorlarni tahlil etib, qurilma samaradorligining oylar, yil fasllari mobaynida o‘zgarishini nazariy masalalarini hal etishda muhim rol o‘ynadi.
Gibrid quyosh-shamol tizimini yaratish asoslari, o‘lchov axborotlarini tahlili, qurilmadagi alohida uskunalarning ishlash ishonchliligi va shunga o‘xshash nazariy va amaliy tadqiqotlar natijalari hakida 1998 yildan boshlab qaytalanuvchi energiya muammolariga bag‘ishlangan xalqaro forumlarda J.A. Abdullayev va R.I. Isayevlar tomonidan ma’ruzalar qilindi.
Gibrid quyosh-shamol tizimi sohasida olib borilgan nazariy va amaliy tadqiqot natijalari jahon ilmiy jamoatchiligining bu sohadagi mutaxassislari tomonidan juda yuqori baholandi. J.A. Abdullayev 1999 yil Kuala-Lumpur (Malayziya) va R.I. Isayev 2005 yil Aberdin (Shotlan-diya) Kongresslarida YuNESKO qoshidagi Jahon qaytalanuvchi energiya Kengashiga a’zolikka saylandilar. Tadqiqotlardan erishilgan natijalar dunyodagi ko‘p tashkilotlarning e’tiboriga sazovor bo‘ldi. Shu jumladan, FTMTM va ARMINES (Frantsiya) tomonidan NATOning maxsus granti bilan 2002 yil may oyining 22-25 kunlarida Toshkentda «Gibrid kuyosh-shamol tizimlari: holati va kelajagi» nomi bilan «Gibrid - 2002» Xalqaro Simpoziumi tashkil etildi. Simpozium ishida 14 ta chet davlatlardan olimlar va mutaxassislar qatnashdilar va yakdillik bilan O‘zbe¬kistonda quyosh va shamol energiyalarini birgalikda elektr energiyasiga aylantirish sohasidagi nazariy va amaliy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatladilar. Anjumanda gibrid qurilmalarni hayotga keng tatbiq etish, bu sohadagi tadqiqotlarni yanada rivojlantirish hakida takliflar qabul qildilar. Bu sohadagi izlanishlar professor R.I. Isa¬ev rahbarligida davom etmoqda.
Toshkent axborot texnologiyalari universiteti rektori taklifi bilan 2004 yilda J.A. Abdullayev tashabbusi bilan tashkil etilgan «Raqamli texnika va elektr aloqasini boshqarish» kafedrasi ochilgan va J.A. Abdullayev mudir lavozimida ishlay boshladi. Kafedrada o‘qiladigan fanlarni va il¬miy tadqiqotlarni hozirgi zamon axborot texnologiyalarining taraqqiyoti talablariga mos ravishda kuchaytirish zarur edi. O‘zbekiston telekommunikatsiya tizimida qo‘llanilayotgan raqamli aloqa qurilmalari xarakteristikalarini va raqamli texnologiyalar taraqqiyotini hisobga olib, uchta yangidan o‘qish dasturlari va amaliyot rejalari tayyorlandi, tasdiqlandi va 2005/2006 o‘quv yilidan boshlab «Telekommunikatsiya texnologiyalari» fakultetida magistrantlarga ta’lim berishda amalga oshirildi.
Kafedrada ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish maqsadida J.A. Abdullayev «Ehtimoliyot va mantiqiy hisob» ilmiy usullarini telekommunikatsiya tizimlarida qo‘llash uchun tadqiqotlarni tashkil etdi.
J.A. Abdullayev rahbarligida kafedraning ilmiy va uslubiy faoliyati mukammallashdi, uning nomi «Telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish» deb ataldi va «Telekommunikatsiya texnologiyalari» fakultetida maxsus kafedralar qatoridan joy oldi.
J.A. Abdullayev ilmiy, ilmiy-tashkiliy, rahbarlik va pedagogik faoliyati bilan birga faol jamoatchi hamdir. U XDP s'yezdlarining delegati va Markaziy Kengashining a’zoligiga saylangan. Shuningdek, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining Ta’sis va II-IV s'yezdlari delegati va O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi a’zosidir. Shahar va rayon xalq deputatligiga saylangan. Uzoq vaqt davomida J.A. Abdullayev avtomatik boshqaruv Milliy Qumitasining O‘zbekiston bo‘yicha hududiy guruhi shu’basi raisi, Aloqa xodimlari kasaba uyushmasi respublika qo‘mitasi Prezidiumi va O‘zR FA Prezidiumi qoshidagi "Kibernetika muammolari" ilmiy kengash a’zosi bo‘ldi. Beruniy nomidagi O‘zR Fan va texnika sohasi bo‘yicha Davlat mukofotlari qo‘mitasi a’zosi sifatida faoliyat olib bordi, O‘zR FA fundamental tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash Fondi kengashi raisining o‘rinbosari, ilmiy darajalar berish bo‘yicha Toshkent axborot texnolo¬giyalari universiteti, Toshkent davlat texnika universiteti qoshidagi Ixtisoslashgan ilmiy kengashlar a’zosidir.
J.A. Abdullayev O‘zbekiston ilmi, fani va texnikasini faol targ‘ibotchisi sifatida tanilgan. Uning ko‘plab maqola hamda ro‘znomalari, radio va televideniyeda chiqishlari xalqimiz orasida ilmiy-texnikaviy rivojlanishni, oliy o‘quv yurtlarida olib borilayotgan o‘quv jarayonlari ilg‘or uslublarini targ‘ibot qilishga qaratilgan. D.A. Abdullayev tomoni¬dan yaratilgan va shuningdek, shogirdlari bilan hamkorlikda olib borilgan ilmiy izlanishlarning natijalari 9 ta monografiya va o‘quv qo‘llanmalarda, 176 ta ilmiy maqola, ulardan 63 tasi xorijda ilmiy izlanishlarga 35 dan ortiq mualliflik guvohnomasi va patentlar berilgan.
Ilmiy ishlarning to‘liq matni 2007 yil «Fan» nashriyoti tomonidan nashr etilgan «J.A. Abdullayev 80 yoshda» bibliografida keltirilgan.
Oxirgi 10 yil davomida J.A. Abdullayev tasodifiy hodisalarni vaqt oralig‘ida ehtimollik munosabatlarini yoritish printsiplarini yangi uslubini ishlab chiqdi. Ushbu ilmiy tadqiqot natijalarini respublika va xorijiy ilmiy jurnallarda chop etildi.
J.A. Abdullayev shunday ulug‘ yoshda texnologik protsesslar va tizimlarni real vaqt oralig‘ida ishlash jarayonini nazariy holatlarni yaratish ustida ishlab, olingan natijalarni monografiya holatida chop etish bo‘yicha ishlayapti.
Mehnat faoliyatidagi muvaffaqiyatlari uchun J.A. Abdullayev «Xalqlar do‘stligi» va «Mehnat shuhrati» ordenlari, qator medallar va Faxriy yorliqlar bilan mukofotlangan. Texnikaviy fanlarni rivojlantirish va mutaxassislarni tayyorlashdagi qatta xizmatlari uchun unga "O‘z¬bekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi", "Aloqa ustasi" va "Ustoz" fah¬riy unvonlari berilgan. Kosmik tadqiqotlarni amalga oshirishni ta’minlashda qo‘shgan hissasi uchun kosmonavt-uchuvchi Yu.A. Gagarin nomidagi diplom va akademik S.P. Korolev nomidagi medal bilan taqdirlangan.
Amerika biografiya instituti J.A. Abdullayevning hayot sahifalarini atoqli liderlar xalqaro ma’lumotnomasiga (The International Direc¬tory of Distinguished Leadership, Eights edition, 1999, pp. 1-2, Raleign, North Carolina, USA) kiritgan.
Atoqli olim Jo‘ra Abdullayevich Abdullayev o‘zining 90 yilligini yangidan-yangi ijodiy izlanishlar bilan kutib olmoqda. Bu ishlarda Jo‘ra Abdullayevichga sihat-salomatlik, omad va muvaffaqiyatlar tilayman.
Rixsi Isayev,
Toshkent axborot texnologiyalari
universiteti professori.
Jo‘ra Abdullayevich Abdullayev - O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi, texnika fanlari doktori, professor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, axborot texnologiyalari fani rivojiga, respublika fani va oliy ta’limining dolzarb nazariy va tatbiqiy muammolarini ishlab chiqishga hamda ilmiy-pedagogik mutaxassislarni tayyorlashga salmoqli hissa qo‘shgan atoqli olim. Uning ilmiy asarlari keng ilmiy jamoatchilikka tanish va obru qozongan.